Sport – barkamollik va ishonch asosi

Farg‘ona viloyatida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, 2019 yilda barcha shahar va tumanlarda 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishi o‘rganildi. So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, 231 ming 793 nafar yoshlar o‘zlari qiziqqan sport turlariga jalb etilgan.
Yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish, mamlakatimiz dovrug‘ini jahonga tanitishda sportning o‘rni beqiyos. Shuning uchun ham bugungi kunda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Atrofimizga e’tibor bilan qarasak, kimdir sportning futbol, kimdir boks, yana kimdir tennis bilan shug‘ullanayotganini ko‘ramiz. Asosiysi, bugun barcha hududlarda sportga qiziquvchilarning safi tobora kengaymoqda.
– 2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi asosida viloyatda muayyan ishlar olib borilmoqda, – deydi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Dadaboev. – 2020 yil ham viloyat sportchilari uchun g‘oyat mas’uliyatli davr bo‘lishi kutilmoqda. Bu yil asosiy e’tibor Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga qaratilmoqda. Har ikki yirik musobaqada munosib ishtirok etish, sportchilarimizning g‘alabalar bilan qaytishlari bosh maqsadimizdir. Ayni damdagi faoliyatimiz Olimpiya o‘yinlarida sportning boks, yengil atletika, kamondan otish, baydarka-kanoe va slalomda eshkak eshish, karate WKF, yunon-rum kurashi, badiiy gimnastika, trampolin bo‘yicha 27 nafar hamda paralimpiya sport turlari bo‘yicha 7 nafar nomzod sportchilar bilan alohida ishlarni olib borishga qaratilmoqda.
O‘tgan 2019 yilda sport sohasida salmoqli yutuqlarga erishildi. Germaniyaning Shtutgart shahrida o‘tkazilgan sportning sport gimnastikasi turi bo‘yicha jahon chempionatida viloyat vakili – O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, jahon va Osiyo chempionatlari ishtirokchisi Rasuljon Abdurahimov XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, yil davomida sportni yanada rivojlantirish, sport turlarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan 5 ming 245 sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta muhim tashabbus doirasida viloyatda 60 dan ziyod tashabbuskor tadbirkor tomonidan yangi barpo etilayotgan xususiy sport inshootlaridan bugungi kunga qadar 42 tasi qurib, foydalanishga topshirildi. Jismoniy tarbiya va sport ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash yuzasidan manzilli dastur doirasida 46,5 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Farg‘ona shahrida ko‘p tarmoqli bolalar sport majmuasi, Qo‘qon shahridagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabi hududida sendvich panelli sport zal qurildi. Quva tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabining bino-inshootlari mukammal ta’mirlandi.
Sport bilan shug‘ullanishda sport anjomlari eng muhim va zarurdir. Shularni inobatga olgan holda sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga zaruriy sharoitlar yaratish maqsadida 2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga sport jihozlari olib kelindi. Sportchilarni mamlakat miqyosidagi sport musobaqalariga jalb etish o‘z-o‘zidan mablag‘ga borib taqaladi. O‘tgan yilda 56 sport turi bo‘yicha viloyat terma jamoalarining 200 dan ortiq mamlakat miqyosida o‘tkazilgan sport musobaqalarida ishtirok etishini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan 1 milliard 78 million so‘m mablag‘ ajratildi. Mazkur musobaqalarda viloyat sportchilari 728 oltin, 689 kumush, 1273 bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, sportchilar jahon chempionati va kubogida 47, Osiyo va Markaziy Osiyo chempionatlarida 37, nufuzli xalqaro turnirlarda 260 hamda mamlakat chempionati va kubogi musobaqalarida 2 ming 346 medalga egalik qildi. O‘tgan yilning 6-22 sentabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida boks bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Miraziz Mirzahmedovning chempion bo‘lgani ham barchaga faxr bag‘ishladi. Bu Farg‘ona boks maktabining yana bir g‘alabasi bo‘ldi.
Yosh sportchilarning yutuqlari e’tirof etilib, ular doimo qo‘llab-quvvatlanmoqda. Respublika, Osiyo va jahon chempionlarining imtiyozli ravishda oliy o‘quv yurtiga qabul qilinishi borasida ham viloyat oldingi o‘rinlarda bormoqda. O‘tgan yilda ana shunday 52 sportchi imtiyozli ravishda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
M.SULAYMONOV, O‘zA

Fikr bildirish

Elektron pochtangiz ko‘rsatilmaydi. Barcha * bilan belgilanganlarni to‘ldirish shart.

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: