«Baklashka» terib uch bolasini boqayotgan ayol yoxud metin iroda sohibasi (video)

Bir millatning bir vakiliga berilgan sinov, butun millatga berilgan sinovdir. Bir inson hayot yo’llarida sinalar ekan, u bilan bir qatorda o’sha millatning muruvvatliligi, shafqatliligi va barcha insoniylik hislatlari sinovdan o’tadi. Insonning insonligi – uning iymoni bilan o’lchanadi. Barcha e`zgu hislatlarning umumiy nomi – Insoniylikdir.

O’zganing qayg’usini o’z qayg’usidek qabul qilib, ko’makka muhtoj insonlarning muammolariga befarq bo’lmagan sahovatpesha, vijdoni uyg’oq insonlar talaygina.

Ammo, bir insonning qayg’usiga qayg’u qo’shib, o’z huquqlarini bilmagan omi odamlarni o’z manfaatlari yo’lida u eshikdan bu eshikka sarson qiladigan vijdoni mudroq insonlar ham yo’q emas oramizda.

Bir ayol shu ahvolga kelib qolishigacha yillar davomida nahotki hech kim xabar topmagan bo’lsa?!

Ota-onasi, qo’ni-qo’shni, mahalla ko’y, «mahalla» vakillari qaerga qarayabti?!

Avvalo voqelikning bunday tus olishining tub ildiziga nazar tashlasak oila notinchligi, o’zaro kelishmovchiliklarni asos qilsak mutlaqo to’g’ri bo’ladi. Oila poydevori buzilib, vaziyat shu holga kelgunga qadar mahalla vakillari qaerga qaragan? Bir insonning yashab turgan mahallada yo’q bo’lib qolishi nima uchun hech kimni qiziqtirmagan?!

Ota-onaning o’z farzandiga ta`lim-tarbiya berish haqidagi huquq va majburiyatlari O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 64-moddasida belgilab qo’yilgan. Unga ko’ra bolalar voyaga etgunga qadar ota-onalar o’zlariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishga majburdirlar.

«Bola huquqlari to’g’risida»gi BMT Konvensiyasining 18-moddasi 1-bandiga binoan, ushbu majburiyat ular qaerda bo’lishidan qat`iy nazar, ota-ona uchun umumiy va majburiydir. Unga ko’ra voyaga etmagan farzandi tarbiyasi va kelajagi uchun javobgar hisoblanib, sog’ligi, ahloqi, jismoniy va ruhiy kamoloti uchun g’amxo’rlik qilishi shart.

Lekin opamiz hatto o’rta ta`limni bitira olmagan (achinarlisi, o’zi xohlasa ham o’qiy olmagan) bo’lsa, qaydan bilsin o’z huquqlarini?!

Ota-onalik, farzandlik mehri qonunlardan olinmaydi aslida.

Taqdirning hukmi ila oilaviy munosabatlarga darz ketib, opamiz poytaxtga keldi ham deylik, bu kabi insonlarning huquqiy bilimi etarli emasligi u qadar katta fojea emas, ammo, «oliy ma`lumotli», biror «kreslo» egalari qaysi qonunga asoslanib tabaqalikka yo’l qo’ydi ekan?

«Seni bu erda nima ishing bor, nega kelding viloyatinga bor» kabi sayoz fikrlarini qaysi huquqlaridan foydalanib aytdi ekan?!

O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 18-moddasi:

O’zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat`iy nazar, qonun oldida tengdirlar.

Nahotki bu haqda bilishmasa?!

Mayli, bu masalaning huquqiy tomoni. Oldingda bir inson ko’makka muhtoj bo’lib turganda qo’l uzatish o’rniga, o’lganiga ishonmay tepkilab ko’rganday gap emasmi ularning ishlari?!

Bir ayol kechalari bekatlarda uxlasayu, tungi uchastka nozirlari o’z ishlariga mas`uliyat bilan qarashar ekan, nahotki ko’rmagan bo’lsalar?

Bu ko’rib ko’rmaslikka olishmi yoki «sen menga tegma, men senga tegmayman» qabilida yo’l tutishmi?!

Nahotki bir huquqini bilmaydigan ayol uchun, vijdonan bo’lsa ham mas`ul tashkilot va qo’mitalarga yo’naltirilmagan.

Bir insonning adolatga bo’lgan ishonchi siz sabab o’lsa, vijdoningiz qiynalmaydimi?

Payg’ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bo’lgan Ammor Ibn Yosir (Roziyallohu anhu) shunday deganlar:
Uch xislatni o’zida mujassam qilgan kishining iymoni mukammal bo’lgaydir:
– insofli va adolatli bo’lmoq;
– barchaga salom bermoq;
– kambag’alligida ham sadaqa berib turmoq.

Mudroq vijdoningizni uyg’otinglar, ey axli inson.

Opamiz hayotning past-u baland yo’llaridan yurar ekan, eng mashaqqatli damlarda ham mustahkam irodasi, sabr-u qanoati, qolaversa, mehrli insonlarning ko’magida yashash uchun o’zida kuch topa olibdilar. Chidab bo’lmas damlarda ham o’zining mehnati ila uch farzandni edirib-ichiribdilar.

Chin ma`noda metin iroda sohibasi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Shu o’rinda aytish joizki, sahovatpesha insonlarning moddiy ko’magi bilan bir qatorda tegishli muassalar tomonidan ularning ilm-u hunar o’rganishlari uchun sharoit yaratib berishi eng to’g’ri yo’ldir. Zero, «Baliq bersang bir kun to’yadi, baliq tutishni o’rgatsang bir umr» deb bejizga aytishmagan. (Xitoy xalq maqoli)

Ilm-u hunar o’rganish uchun bir qadam tashlasa kelajagi uchun bir qadam odimlagan bo’lar edi. Tegishli muassasalar tomonidan shu masala ko’rib chiqilsa, bandlik bilan ta`minlansa, ishonamanki shuncha qiyinchiliklarga chidagan opamiz buni ham eplaydilar.

Bolaga ilm-u hunar o’rgatish uchun avvalo onaga ilm o’rgatish kerak, shundagina O’zbekistonda ko’chalarda baklashka terib yuradigan bolalar emas, bilimli bolalar, bilimli mutahassislar ko’payadi.

Bu bilan ularni ayblash fikridan mutlaqo yiroqman. Farzandlarning ham, onasining ham aybi yo’q mutlaqo. Shafqatsiz insonlarning mehrsizligi, e`tiborsizliklari shu yo’ldan yurishga majbur qilgan ularni. Shunday bo’lsada o’g’irlik ko’chalaridan yurmagan, nopoklik ko’chalariga kirmagan ular. Ularning ham yaxshi yashashga, yaxshi bog’cha-maktablarda ta`lim olishga haqqi bor albatta. Mehrsizlik, shafqatsizlik va albatta yo’qchilik farzandlarning ham onasi yurgan yo’llardan yurishga majbur qilmasin. Agar hozir e`tibor berilmasa, agar hozir yordam berilmasa farzandlarda ham onasining taqdiri takrorlanmasligiga kim kafolat bera oladi?

Bir millatning qulashi uchun bilimsiz insonlar ko’payishining o’zi etarli emasmi?

Bir onaga ta`lim berish, hunar o’rgatish orqali uning uchta farzandiga qolaversa, butun bir avlodga ta`lim berilgan bo’lar edi. O’zbekiston kelajagi bilimli yoshlar qo’lida. Ammo bunga erishish uchun ko’chalarda yurgan bolalarning nima bilan bandligiga, bilim olish haqidagi konstitusiyaviy huquqi to’liq ta`minlanishi ustidan nazoratga e`tiborsizlik qilish yaramaydi.

Tan olishimiz kerak, har bir narsa borib moddiy manbalarga taqalar ekan, yaxshilar ko’magi va tegishli tashkilotlar tashabbusini bu borada kutib qolamiz. Ularning yordami ila opamiz ham ilm-u hunar o’rganish uchun bir qadam tashlasalar, farzandlari ham ularning yordamida ilm olishga qiziqardilar, InshaAlloh. Siz kuchlisiz, harakat qilsangiz albatta hammasi yaxshi bo’ladi.

«Sen o’zingni o’zgartir, taqdir ham o’zgaradi» (Portugaliya maqoli) deb to’g’ri aytilgan aslida. Taqdir sizni o’z izmiga solsa, siz uni o’zgartirish uchun taqdiringizni o’z izmingizga solishga harakat qiling.

Siz o’zingiz nimaga loyiqligingizni tan olsangizgina, yon atrofdagilar tan ola boshlaydi.

Doim o’zingizni faqat yaxshi narsalarga loyiqligingizga ishoning.
Qadringiz va qaddingiz doimo baland bo’lsin aziz ayollar!

 

Toshkent Davlat Agrar Universiteti
2-bosqich talabasi
Yuldasheva Iroda Abdunayimovna

Manba: tarjumon.uz

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: