Chiroqchida IIB xodimi maktab o‘quvchisini shaxsiy mashinasida urib ketdi. Bolaning ahvoli og‘ir

16 fevral kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yo‘l-transporti hodisasi oqibatida maktab o‘quvchisi og‘ir tan jarohati olgan. Avtomashina rulida IIB xodimi bo‘lgani aytilmoqda.

Voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan, Chiroqchi tumanidagi 1-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulzar Abdalovaning aytishicha, u 16 fevral kuni kunduzi soat 14:00larda piyodalar o‘tish joyidan bolalarni yo‘lning narigi chekkasiga o‘tkazib qo‘yayotgan bo‘lgan.

Chap tomondan harakatlanib kelayotgan mashina piyodalarga yo‘l berish uchun to‘xtagach, piyodalar o‘tish joyi (zebra)dan bolalarni o‘tkazgan. Shunda o‘ng tomondan qaymoqrang «Nexia-2» avtomashinasi katta tezlikda kelib, 2014 yilda tug‘ilgan Fozilbek Qulmurodovni urib ketgan.

Bola mashina ostiga kirib ketgan va mashina qariyb 100 metr joygacha uni sudrab borgan.

Davlat raqami 70 M 674 EA bo‘lgan, «Nexia-2» rusumli shaxsiy avtomashinadan ichki ishlar organi xizmat libosidagi haydovchi tushib kelib, avvalo o‘qituvchini haqorat qilgani aytilmoqda.

Voqea guvohlarining aytishicha, haydovchi urib yuborilgan va qonga belanib yotgan bolaga yordam ko‘rsatmagan, avvaliga mashinasiga mindirishni istamagan.

Hattoki, tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan bolani boshqalarning yordami bilan mashinasidan tushirgan. Ya’ni bemorga qo‘lini tekkizishni istamagan.

Kun.uz voqea yuzasidan axborot olish uchun Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmatiga murojaat qilganida, matbuot kotibi Iroda Rasulova hozircha holat o‘rganib chiqilayotgani va bu borada keyinroq batafsil ma’lumot e’lon qilinishini bildirdi.

Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasida Fozilbek Qulmurodov bemorlar kitobida negadir «o‘zi keldi» deb qayd etilgan. Holbuki, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, avtoavariya natijasida unga og‘ir tan jarohati yetkazilgan va u hushsiz bo‘lgan.

Jonlantirish bo‘limida yotgan bolani ko‘rikdan o‘tkazgan va operatsiya qilgan vrachlar uning ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qildi.

O‘raljon Kamolov,
Kun.uz muxbiri

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: