CHET ELLARDAGI O‘ZBEKLAR NEGA O‘ZBEK TILINI UNUTISHYAPTI?

Yaqin paytlargacha o‘zbeklar o‘zlari tug‘ilib-o‘sgan yerga sodiq xalq sanalardi. Chet ellarga borsa ham, aylanib, yana o‘z qishlog‘iga qaytib kelaverishardi. Lekin, XX asr so‘nggi – XXI asr boshlaridan bu odat o‘zgardi. O‘zbekiston aholisining kamida to‘rtdan bir qismi tirikchilik g‘amida chet ellarga chiqib ketishyapti. Ularning ancha qismi esa borgan davlatlarida o‘rnashib, palak otishyapti. Sarlavhadagi asosiy mavzuga o‘tishdan oldin, quyidagi misollarni keltirmoqchiman.

Amerikalik taniqli gimnast, ikki marta jahon va 2008 yilgi olimpiada o‘yinlari oltin medal egasi Nastya Lyukin aslida Moskvalik. 1992 yili u atigi uch yoshdaligida taniqli gimnast ota-onalari hayoti bo‘yicha yiqqan bir necha ming dollarni cho‘ntakka solib, hayyo-hut deb, Amerikaga ko‘chib ketvorishgan. Yangi dunyoda gimnastika maktabi ochib, ishlarini muvaffaqiyatli ravishda olib borishgan.

Nastya har yili oppoq dadasi va buvisini ko‘rgani Moskvaga kelib turadi. Bundan tashqari, har kuni ular bilan telefonda o‘rischa gaplashib turgani uchun, o‘rischani binoyidek biladi. Shunga qaramay, o‘rusiyalik jurnalistlarga suhbat berganida inglizcha gaplashadi. Sababini esa «xato qilib qo‘ysam kulmasliklari uchun» deb izohlaydi.

Nastyaning ota-onasi ona-yurtidan ko‘chib ketishi misoli juda ko‘p o‘zbekistonliklar bilan bir xil. U bu haqda shunday hikoya qiladi: «Ular kelajakda ishlari o‘ngidan keladimi-yo‘qmi, buni bilishmagan. Lekin, baribir O‘rusiyadan ketishgan. Ular o‘ris millatiga mansublar, men ham baribir o‘risman va millatimni hech qachon alishmayman. Shunday bo‘lsa-da, men o‘zimni amerikalik deb his etaman, bundan voz kecholmayman. Baxtliman. O‘risligim va Amerika nomidan musobaqalarga qatnashganim uchun g‘ururlanaman».

O‘zbeklarning migratsiya jarayonlari asosan 1920-1930-yillardan boshlagan. Yuzminglab turkistonlik qizil bolsheviklar zulmidan qutilish uchun ona-yurtlarini tashlab ketishgan. Ular Turkiyaga 1948-yillardan keyin ko‘chib kela boshlaganlar.

Men o‘zim Turkiyada o‘qib, yashaganman. Ancha yillardan beri Kanadada yashayman. Mening 2008 yili Izmirda turk tilida chop qilingan «Turkiyadagi o‘zbeklar» nomli kitobimda ular bilan ko‘plab suhbatlar berilgan. Yurtdoshlarimizning asosiy qismi ona tilimizni sof holda saqlab qolganidan xayratga tushganman. Lekin, Saudiya Arabistonidan kelgan o‘zbeklar keyingi nasllar o‘zbek tilini unutib, arablashayotganini afsus bilan ta’kidlashgan. Vatan hasratida yurgan yurtdoshlarimiz «Turkiyadagi nevaralarimiz esa turklashishyapti, har qalay yetti yot begona millatga aylanishmayapti, chunki biz hammamiz aslida turkmiz» deb, o‘zlariga tasalli berishgandi.

Nega yuqoridagi misollarni keltirdim? Chunki, chet ellarda, xususan Amerikada yashayotgan o‘zbeklarning bolalari ona tilini unutib, ommaviy ravishda inglizlashib ketishyapti. Ular uchun O‘zbekiston unchalik ahamiyatga ega emas. Boshqa davlatlarda tug‘ilgan yoki voyaga yetgan ko‘plab o‘zbekistonliklar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. «Nima uchun»mi? Chunki:

Birinchidan, o‘zbek tili O‘zbekistonning o‘zida hurmatga ega emas;

  • ikkinchidan, o‘rischa bilish, go‘yoki, kishining saviyasi yuksak ekanligini belgilaydi degan nuqta-i nazar bor;
  • uchinchidan, o‘zbeklarning o‘zlari o‘rischa gaplashishadi yoki o‘zbekcha so‘z o‘rniga o‘rischasini qo‘llab, aralashtirib gapirishadi;
  • to‘rtinchidan, ko‘pchilik amaldorlar, ayniqsa, boshkent Toshkentdagilar davlat tiliga pisandsiz qarashadi;
  • beshinchidan, bir xalqning millat o‘laroq shakllanishidagi asosiy omil bo‘lgan adabiy til normalariga rioya etish udumdan chiqib boryapti;
  • oltinchidan, Amerikada tug‘ilgani uchun avtomatik ravishda pasport olish huquqiga ega bo‘lgan yoki Amerika vatandoshligini olgan o‘zbekistonliklar ona-yurtiga kelib-ketishi qulay bo‘lishi uchun zarur huquqiy asoslar yaratilmagan. O‘zbekiston pasporti bilan kelib, Nyu-Yorkka qaytish uchun aeroportda pasport nazoratidan o‘tishayotganida ulardan Amerika vizasi yoki «Grin Kard»i borligi so‘raladi. Ularda unisi ham, bunisi ham bo‘lmaydi;
  • yettinchidan, butunlay Amerika yurtdoshligiga o‘tgan sobiq o‘zbekistonliklar ona-yurtiga kelishi uchun viza olishlari, O‘zbekistonda esa turar-joylarida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishlari, buning uchun vaqt sarflab, ichki ishlar bo‘limiga borishlari zarur. Natijada, bunday dahmazalar mavjud bo‘lmagan boshqa rivojlangan davlatlarga borishni tanlovchilar soni ortib boryapti;
  • sakkizinchidan, hukumatning chet ellardagi o‘zbeklar madaniyati, tili va urf-odatlarini saqlab qolishiga qaratilgan aniq dasturi yo‘q;
  • to‘qqizinchidan, chet ellarda o‘tkaziladigan tadbirlarda o‘zbek tili o‘rniga ko‘proq o‘rischa gapirish odati diplomatlarni haligacha tark etmagan. Bu holat yoshlarda o‘zbek tilining ahamiyati pastligi haqida salbiy tushuncha yaratadi;
  • o‘ninchidan, Amerikadagi erkin hayot bilan O‘zbekistondagi ahvolni solishtirgan va ko‘pchilikning fikri qanday qilib bo‘lsa ham O‘zbekistondan chiqib ketish yo‘lini izlash bilan band ekanligini ko‘rgan chet ellik yoshlar ota-bobolari yurtiga qaytib kelib, butunlay qolib ketishni xayollariga ham keltirishmaydi.

O‘zbek tilini bilmaydigan o‘zbek kelib chiqishini unutib, boshqa millatga singib ketishi qulaylashadi. Til esa tirik organizmga o‘xshab, doimiy parvarish va g‘amxo‘rlikka muhtojdir. Agar, e’tibordan chetda qolsa, xuddi suvsizlikda qolgan ko‘chat kabi, qovjirab, so‘ladi.

Jamiyat va odamlar ongidagi o‘zgarishlar faqatgina til bilish bilan cheklanib qolmaydi. Aslini olganda, chet ellarda doimiy yashayotgan o‘zbekistonliklar salohiyatidan to‘g‘ri foydalanilsa, ular jamiyatning har tomonlama ilgarilashiga katta hissa qo‘shishi mumkin. O‘zbek tilining obro‘sini ko‘tarish haqida yilda bir marta eslanadigan o‘lkada hayotning hamma sohalarida keskin o‘zgarishlar bo‘lmas ekan, chet ellik o‘zbeklar nazdida o‘zbek tili borgan sari tanazzulga yuz tutaveradi.

 

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Manba: sof.uz

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: