Ayolga baxt bering, imkoniyat bering

Poytaxtimizda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan «Ayollar yetakchi lavozimlarda: “Covid-19» pandemiyasi sharoitida teng huquqli kelajakka erishish» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston ijtimoiy va siyosiy hayotining barcha sohalarida ayol rahbarning ijobiy obrazini mustahkamlashga qaratilgan ushbu tadbir Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BMT Taraqqiyot dasturi va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya va boshqa tashkilotlar, xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Gender va iqtisodiy inklyuzivlik departamenti direktori Barbara Rambousek, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer , Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli o‘tgan 2020 yil butun jahon mamlakatlari uchun barcha jabhalarda murakkab jarayonlarni yuzaga keltirganini ta’kidladi. Bunday qaltis vaziyat oilalar, eng avvalo ayollar, yoshlarga ham o‘zining ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda shiddatli islohotlar kechmoqda. Ular ochiqlik, oshkoralik tamoyillariga asoslanishi bilan birga xalq, ayniqsa, oilalar, xotin-qizlar farovonligini yuksaltirishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlamoqda. Davra suhbatida O‘zbekiston uchun ham o‘tgan 2020 yil jiddiy sinov yili bo‘lgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT nufuzli anjumanlarida gender tenglik, ayollar va yoshlar manfaatlarini ta’minlashga e’tibor qaratgani ushbu masalalarning mamlakatimizda nechog‘li muhim va dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda parlamentning har ikkala palatasidagi vakillik organlarida ayollarning ishtiroki kuchaydi. Bu esa O‘zbekistonning tegishli yo‘nalish bo‘yicha jahondagi reytingi tobora ortishida muhim omil bo‘ldi. O‘zbekiston parlamenti Gender tenglik masalalari bo‘yicha dunyoda namuna bo‘lishga arzigulik mamlakat sifatida tan olindi.

bugungi kunda turli vazirlik va idoralar, hokimliklar, agentliklar, tashkilotlarda rahbarlik vazifalarida mehnat qilayotgan ayollar safi kengaymoqda. Ular ishchanligi, salohiyati bilan erkaklardan kam emasligini amalda isbotlamoqda.

Keyingi paytlarda ishsiz, tazyiqqa, zo‘ravonlikka uchragan, muammolar girdobida qolgan ayollarga e’tibor kuchaydi. Uy mehnati, o‘zini o‘zi band etish, oilaviy, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ayollar, qizlarni kasbga o‘qitish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Mahallalarda «Ayollar daftari» joriy etilib, unga kirgan ayollarning muammolari o‘rganilmoqda. Mavjud masalalarni hal etishda yurtimiz banklari bilan birga xalqaro moliyaviy tuzilmalar ham keng jalb etilishi kutilmoqda.

Qizlarni oliy ta’limga qamrab olish, turli jabhalarida mehnat qilayotgan ayollarni faol qo‘llab-quvvatlash borasida ilg‘or tashabbuslar joriy etilmoqda.

Ayni paytda “Covid-19» pandemiyasi davrida iqtisodiyotni tiklash, ayol rahbarlarning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish, koronavirus tarqalishi xavfini kamaytirishda ayollar va qizlarning ishtirokini ta’minlashni kuchaytirish muhimdir.

«Opa-singillar» nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Natalya Plotnikova alohida ehtiyojli ayollar, imkoniyati turlicha oilalar bandlik, kommunal sohalarda muayyan muammolarga duch kelayotganini takidladi.

— Tez orada joylarga, hududlarga chiqib, tegishli ishlar boshlab yuboriladi,– dedi Senat Raisi, Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva.

– Bunda Sizlar bilan dolzarb masalalarni atroflicha muhokama etish, ularning yechimini birgalashib topishga alohida e’tibor qaratiladi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Korrupsiyaga qarshi kurash kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari Umida To‘xtasheva, YeTTBning O‘rta Osiyo bo‘yicha kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish va rivojlantirish bo‘limi rahbari Nodira Mansurova va boshqalarning gender tenglikka oid ma’ruzalari katta qiziqish uyg‘otdi. Savol-javoblar keskin, lekin samimiy bo‘ldi.O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Tomonlar xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularning iqtisodiy farovonligi oshirish, gender tenglikni ta’minlash yuzasidan vazifalarni birgalikda hal etishga kelishib oldilar.

Tadbir doirasida «Gender tenglik faoli»milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

          Nazokat Usmonova,

        O‘zA

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: