Qashqadaryo SSB: koronavirusga chalingan bemor 3 aprelda emas, 25 martda vafot etgan

Qashqadaryoda koronavirus infeksiyasi yuqtirib olib, vafot etgan bemor haqidagi ma’lumotlar SSV hisobotlarida aks etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda G‘uzor tumanida 14 nafar shaxsda koronavirus infeksiyasi aniqlangani va ulardan biri vafot etganligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bu holatga izoh bermagani haqidagi xabarlar e’lon qilindi.

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi.

G‘uzor tumanilik 68 yoshli erkak bemor N.R. bir qator kasalliklari sababli dispanser nazoratida turgan. Joriy yil 23-fevraldan o‘n kun davomida poytaxtdagi 2-markaziy klinikaning kardiologiya bo‘limida davolangan.

Bemorda qandli diabet II tip, yurak-ishemik kasalligi va o‘n ikki barmoq ichak yarasi, surunkali xoletsistit, surunkali prostatit singari qator kasalliklar qayd etilgan.

Joriy yilning 19-mart kuni unda koronavirus infeksiyasiga qayd etilib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga keltirilgan. O‘tkazilgan maxsus tekshiruvlar natijasidan unda koronavirus tasdiqlangan. 25-mart kuni soat 23:55 da COVID-19 og‘ir darajasining asoratli kechishi va yondosh kasalliklari sababli vafot etgan. (Ijtimoiy tarmoqlarda qayd etilganidek, 3-aprelda emas).

Mazkur o‘lim holati Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021-yil 26-mart holatidagi ma’lumotida aks etib, ma’lumot SSV telegram kanalida 27-mart kuni e’lon qilingan.

Bundan tashqari, shu yilning 20-mart kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga COVID-19 infeksiyasi aniqlanganligi sababli keltirilgan Qarshi shahrilik 65 yoshli bemor ayol A.G. 29-mart kuni soat 08:15 da koronavirus og‘ir darajasining asoratli kechishi, qandli diabet va boshqa yondosh kasalliklari sababli vafot etgan.

Mazkur o‘lim holati ham Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021-yil 29-mart holatidagi ma’lumotida aks etgan va 30-mart kuni vazirlik telegram kanalida e’lon qilingan.

Ma’lumot o‘rnida keltirish zarurki, SSV hisobotlarida mart oyining uchinchi o‘n kunligida Qashqadaryodan jami 20 nafar koronavirus infeksiyasi yuqtirgan bemor qayd etilgan.

Manba:xabar.uz

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: