Suma Chakrabarti O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlariga maslahatchi etib tayinlandi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq prezidenti Suma Chakrabarti O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlariga maslahatchi etib tayinlandi. Bu haqda u o‘z Twitter sahifasida ma’lum qildi.

«O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev meni iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlayotgani haqida eshitishim bilanoq xursand bo‘ldim. Islohot dasturini amalga oshirishda unga yordam berishni orziqib kutmoqdaman», – deya tvit qoldirdi janob Chakrabarti.

Shu bilan birga, na prezident matbuot xizmati, na O‘zbekistonning rasmiy nashrlari (O‘zA, Xalq so‘zi gazetasi, Dunyo AA) da ushbu xabarni e’lon qilmadi.

Kecha, 14 sentyabr kuni Suma Chakrabarti Qozog‘iston prezidentining shtatsiz xodimi etib tayinlandi. Bu haqda Oq O‘rda rasmiy saytida xabar berildi. 

«Davlat rahbarining buyrug‘i bilan ser Suma Chakrabarti Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha shtatdan tashqari maslahatchisi etib tayinlandi», deyiladi xabarda.

Britaniya fuqarosi Suma Chakrabarti 2012-2020 yillarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining prezident sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U 1964 yilda Kalkuttadan Buyuk Britaniyaga kelgan hind muhojirlarining avlodi.

Bakalavrda Oksford (politologiya, falsafa va iqtisodni o‘rgangan) , magistraturada Sasseks (iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishi bo‘yicha) universitetlarida tahsil olgan.

YeTTB prezidenti bo‘lishdan avval Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot vazirligi (2002-2007) va Adliya vazirligining (2007-2012) doimiy kotibi bo‘lgan. Uning ushbu davrdagi asosiy yutuqlaridan biri bu Adliya vazirlik faoliyatining yangi modelini ishlab chiqqani va amalga oshirgani bo‘lgan. Buning natijasida Qirollik g‘aznasi bir milliard funtdan ortiq mablag‘ni tejab qoladi.

 

Manba:Sof.uz

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: