Qarshida IIB xodimi “Daryo” muxbiriga qo‘pollik bilan tahdid qildi. IIV vaziyat o‘rganib chiqilishini ma’lum qildi

“Daryo” internet-nashrining Qashqadaryo viloyatidagi muxbiri Otabek Qo‘ldoshev 16-aprel kuni Qarshi shahridagi “Ko‘k gumbaz” masjididan Ramazon oyining birinchi juma namozi haqida reportaj tayyorlayotganida shu yerda xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlari bilan tushunmovchilik kelib chiqqan.

Muxbir suratlarni nima maqsadda olayotganini tushuntirib, avtomobilidan muxbirlik guvohnomasini olib kelganida, hodisa joyida bo‘lgan ichki ishlar xodimlaridan biri unga qo‘pollik qilib, boshqa xodimlarga muxbirni avtomobilga solib, olib ketishni buyurgan. Otabek Qo‘ldoshevni Qarshi shahar 1-sonli IIBga olib kelishgan.

Ushbu voqeadan so‘ng “Daryo” tahririyati zudlik bilan IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bilan bog‘landi. Shuningdek, Qarshi shahar 1-sonli IIB binosi oldiga qashqadaryolik bir guruh jurnalist va blogerlar to‘plangan. Ko‘p o‘tmay 1-sonli IIBga Qarshi shahar IIB boshlig‘i B.Mirzayev va uning matbuot kotibi Iroda Rasulova ham yetib kelgan.

Yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bayonot berdi. “Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida ‘Daryo’ internet-nashri muxbiri Otabek Qo‘ldoshev bilan suhbat jarayonida kasb etikasini buzgan ichki ishlar organi xodimining harakatlari o‘rganib chiqilib, huquqiy baho beriladi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

“Daryo” internet-nashri jurnalistning professional faoliyatiga xalal bergan ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlariga baho berishda qonun ustuvorligi ta’minlanadi, deb ishonadi.

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: