Qirg‘izistonda suv ombori atrofidan O‘zbekistonga yer bermaslik bo‘yicha namoyish uyushtirildi — video

Qirg‘izistonning O‘zgan tumanida Kempir-Obod suv ombori atrofidagi yerlarning O‘zbekistonga berilishiga qarshi bo‘lgan to‘rt mingga yaqin kishi ishtirokida namoyish bo‘ldi. Bu haqda «24.kg» xabar berdi.

Keltirilishicha, namoyishchilar Kurshab qishloq hukumatidagi stadionga yig‘ilib, holat yuzasidan hukumat komissiyasi raisi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev bilan uchrashgan. Tashiyev xalqning talabi inobatga olinishini, namoyishni to‘xtatib, tarqalib ketishni so‘ragan.

«Biz osmondan tushmadik. Xalqning talabi biz uchun eng yuqori talab. Kempir-Oboddan voz kechmaslikni so‘rayapsiz, demak, undan voz kechmaymiz. Uni O‘zbekistonga topshirmaymiz, hammasi o‘z holicha qoladi. Aksi, Ala-Buqa va Botken viloyatida yer almashish ishlarini davom ettiramiz. O‘zbekiston allaqachon 50 gektar maydonning 20 tasini to‘sib qo‘ygan. Yaqinda Toshkentga borib, imzolangan protokolni buzmaslik uchun ularni ko‘ndirishga harakat qilaman», — deya ma’lum qilgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.

Ma’lum bo‘lishicha, 23–25 mart kunlari Qirg‘iziston va O‘zbekiston delegatsiyalari suv ombori atrofidagi yerlarni almashish to‘g‘risida protokol imzolagan. Aholining ayrim qismi uni qo‘llab-quvvatlagan, boshqalar esa kelishuv oqibatida Qirg‘iziston suv resurslaridan mahrum bo‘layotganini aytgan. Aprel oyining o‘rtalaridan boshlab mahalliy aholi ushbu qarorga qarshi namoyish o‘tkazishni boshlagan.

Protokolga ko‘ra, O‘zbekiston suv ombori atrofida muhandislik inshootlarini qurmaslikka va suvni 900 metr balandlikda saqlashga va’da bergan, shuningdek, O‘zbekiston 1000 gektar maydonni Qirg‘izistonga tovon puli sifatida topshirishi aytilgan. Qirg‘iziston aholisi suv omborida erkin baliq ovlash, suvidan sug‘orish uchun foydalanish huquqiga ega.

Manba: sof.uz

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: