Maktablarga 4 yilda juda ko‘p e’tibor berdik, ammo muammolar hali ko‘p — Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi vaziyatga e’tibor qaratdi. Davlat rahbari muammolar hali ko‘pligi haqida fikr bildirdi.

— Meni nima qiynaydi desangiz, aytaman: maktabdagi sharoit. Maktablardagi ahvolni ko‘rgan odam tavba, deb yuboradi. Shu 4 yilda juda ko‘p e’tibor berdik, ammo muammolar hali ham ko‘p. Kamchiliklarni 27 yil ko‘rib-ko‘rmaslikka olganmiz. Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqanddagi maktablarning ahvolini yaxshi bilaman.

Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yapmiz, deymiz. Agar mablag‘ni to‘g‘ri sarflab, kelajagimiz bo‘lgan maktablarga birinchi navbatda yo‘naltirmasak, kitobini, sharoitini, o‘qituvchining ish haqini joy-joyiga qo‘ymasak, niyatimizga erisha olmaymiz.

Hozirning o‘zida maktabni ta’mirlash, uyoq-buyog‘ini suvash uchun 30 trillion so‘m kerak bo‘lyapti. Bir paytlar partani olib borib qo‘yib, maktab filiallari ochilgan. Bu hozir katta muammoga aylanyapti: bunday maktablar filiallarida o‘qigan bolalarning bilimi, o‘qituvchilarning saviyasi, oyligi, sharoiti qanday bo‘ladi — bunga javob yo‘q. Bu faqat maktab ta’limining o‘zidagi muammolar. Shermatovni (Xalq ta’limi vaziri) oldimga chaqirsam, sharoitni yaxshilash uchun 30 trillion mablag‘ kerak, deyapti. Bu kitob-u partasini hisobga olmaganda, faqat ta’mirlash uchun ketadigan pul. Xadjibayevni (sog‘liqni saqlash vaziri) chaqirsam, 60 trillion so‘m kerak, deyapti. Bu pullarni qayerdan olamiz? — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bu kabi yillar davomida to‘planib qolgan dolzarb ijtimoiy muammolarni bartaraf etish uchun avvalo o‘z vaqtida soliq tushumlarini ta’minlash zarurligini ta’kidladi, mablag‘larni maqsadli sarflash nazoratini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Manba: xabar.uz

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: