Xayrullo Bozorov tashabbusi bilan “Onalarga ehtirom” festivali o‘tkaziladi

Farg‘ona viloyatida may oyining uchinchi o‘n kunligida “Onalarga ehtirom” festivali bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda shahar va tumanlarda uning doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlarning quyi bosqichlari ko‘tarinkilik bilan tashkil etilmoqda.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali bayram tadbirida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov may oyida “Onalarga ehtirom” festivalini tashkil etish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi. Hokim so‘zida turdi, bu borada tegishli qaror qabul qilindi. Endilikda mazkur anjuman katta bayram sifatida nishonlanadi.

Onalarni, ayol zotini e’zozlash yurtimizda azal-azaldan ezgu qadriyat bo‘lib kelgan. Mazkur festivalni o‘tkazishdan maqsad ham dunyo beshigini tebratuvchi, oqila onajonlarimizga bo‘lgan mehr-muhabbat, hurmatimizni namoyon etish, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongi shuurida ota-onaga hurmat, farzandlik burchlarini ado etish, ularni qadrlash kabi fazilatlarni shakllantirishga ko‘maklashishdan iboratdir. Ayni kunlarda yirik ishlab chiqarish korxonalari, klasterlar, tadbirkorlik sub’ektlarida onalarni ulug‘lash aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda. “Ayollar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan ayollarni yurtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatlari tashkil etilmoqda. Festival doirasida may oyining uchinchi o‘n kunligini birinchi shanbasida onalarni e’zozlash kuni sifatida gul taqdim etish,”Onam bilan bir kun” aksiyalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 26 ta nominatsiyada ko‘rik-tanlovlar tashkil qilinib, viloyat bosqichi katta tantana sifatida bayram qilinadi.

Marg‘ilon shahar Temiryo‘lshohbekati hududidagi maydonda festivalning shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rik-tanlovda nominatsiyalar bo‘yicha birinchi bosqichdan shahar bosqichiga yo‘llanma olgan 170 dan ziyod ishtirokchilar o‘zaro bellashdi. Tanlov yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar shahar hokimligining diplomlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, festivalning viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmalarni qo‘lga kiritdi.

 

M. Sulaymonov, O‘zA

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan