Yilning eng yaxshi hamshirasi aniqlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligida 12-may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Farhod Hanapiyayev hamda muassasalarning mutasaddi rahbarlari, tibbiyot muassasalarida faoliyat yurituvchi eng faol o‘rta tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.

Dastavval, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Basitxanova o‘rta tibbiyot xodimlarini Xalqaro hamshiralar kuni bilan muborakbod etdi. Vazir o‘rinbosari tabrik nutqida bugungi kunda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida 300 ming nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat yuritishini qayd etdi. Ularning mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati tizimidagi faolligi, fidoyiligi hamda koronavirus infeksiyasining oldini olish, kasallikka chalingan bemorlarni davolash borasidagi matonatiyu patronaj tizimining asosiy bo‘g‘ini sifatidagi faoliyati tahsinga sazovorligini ta’kidladi.

Shu bois ham davlatimiz rahbari tomonidan o‘rta tibbiyot xodimlari doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanib kelishi, ayniqsa, ushbu bayram arafasida Prezidentimiz tomonidan imzolangan Farmonga ko‘ra, 20 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishi katta tarixiy voqelik bo‘lganini aytib o‘tdi.

Mamlakatimizda o‘rnatilgan karantin qoidalariga to‘liq amal qilingan holda videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan mazkur tadbirda vazirlik hamda Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi hamkorligida har yili o‘tkazib kelinadigan «Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi» an’anaviy tanlovining respublika bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Xuddi shunday bayram tadbirlari yurtimizning barcha hududlarida ham o‘tkazilib, vazirlik binosidagi asosiy studiyaga viloyatlardagi bayram ishtirokchilari ham onlayn tarzda ulandi. Shu tariqa bir vaqtning o‘zida butun respublika bo‘ylab bayram shukuhi tarqaldi.

Tanlovga kelsak, unda yurtimizdagi mavjud tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritib kelayotgan o‘rta tibbiyot xodimlari «Yilning eng yaxshi hamshirasi», «Yilning eng yaxshi patronaj hamshirasi», «Yilning eng yaxshi muolaja hamshirasi», «Yilning eng yaxshi tez tibbiy yordam stansiyasi hamshirasi» kabi 13 ta nominatsiya bo‘yicha o‘zaro bellashgan edi. Respublika bosqichida har bir yo‘nalish bo‘yicha 3 nafar (1-, 2- va 3-o‘rinlar bo‘yicha) jami 39 nafar o‘rta tibbiyot xodimi g‘olib deb topilib, ular «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

— Tibbiyot sohasida faoliyat yuritish uchun inson sabr-toqatli, mehrli, shirinso‘z bo‘lishi kerak, — deydi g‘oliblardan biri, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi kattalar jarrohligi jonlantirish bo‘limi hamshirasi Go‘zal Talaganova. — Ayniqsa, shoshilinch tez tibbiy yordam xizmatida ishlash alohida matonat va mas’uliyat talab etadi. Bunday deyishimga sabab markazimizga turli holatdagi bemorlar olib kelinadi. Ular orasida ahvoli o‘ta og‘ir, zudlik bilan operatsiya qilinishi kerak bo‘lganlari ham uchraydi. Biz hamshiralar tezda operatsiyaga tayyorlanib, og‘ir bemorlarni davolashda shifokorlarga eng yaqin ko‘makchi bo‘lamiz. Bugun «Yilning eng yaxshi shoshilinch yordam hamshirasi» nominatsiyasida g‘olib deb topildim. E’tirofdan mamnunman. Kelgusida bundan-da fidoyilik bilan zimmamdagi mas’uliyatni bajarishga harakat qilaman.

Shuningdek, bayram tadbirida 75 nafar eng faol hamshira esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Manba: xabar.uz

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: