1 iyuldan qaysi turdagi pensiyalar miqdori oshiriladi?

Pensiya miqdoridan kelib chiqib, mutanosib ravishda pensiya summalari 1 so‘mdan 50 ming so‘mgacha oshiriladi.

Natijada 442 ming nafar shaxsning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinadi va ushbu maqsadlar uchun joriy yilda qo‘shimcha 64 milliard so‘m ajratiladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mutasaddilari ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.

Mutaxassislar tomonidan qayd etilishicha, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 so‘mdan 400 000 so‘mga oshiriladi. Bunda I guruh bo‘yicha nogironlik nafaqalari 430,6 ming so‘m o‘rniga 465,6 ming so‘m etib belgilandi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 4 iyundagi «Aholini ijtimoiy qo‘llab – quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga asosan yoshga doir eng kam pensiya oluvchi shaxslarga un va qolipli non xarid qilish uchun 50 ming so‘m kompensatsiya to‘lab kelingan bo‘lsa, joriy yil 1 iyuldan pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida – 52 ming 494 so‘m qo‘shimcha to‘lanadi.

Ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori amalda 306 ming 675 so‘mni tashkil etsa, 2021 yil 1 iyuldan qo‘shimcha to‘lovlar bilan birga 400 ming so‘mga yetkaziladi.

Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga non puli bilan birga 565 ming so‘mdan nafaqa to‘lanadi.

Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori amalda 365 030 so‘m bo‘lsa, endilikda qo‘shimcha to‘lov bilan birga 400 ming so‘m etib belgilandi.

Boquvchisini yo‘qotganlarning eng kam pensiya miqdori amalda non puli bilan birga 306 ming 675 bo‘lsa, endi qo‘shimcha to‘lovlar bilan 452 ming 494 so‘m so‘m etib belgilandi.

Amalda vafot etgan boquvchining ish staji va ish haqiga asosan 3 nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosining har biriga 256,7 ming so‘m (eng kam yoshga doir pensiyaning 50 foizi) pensiya va 50 ming so‘mdan un va qolipli non uchun kompensatsiya puli, jami 920 ming so‘m to‘lanmoqda.

Yangi tartib bo‘yicha esa ushbu to‘lov 1 million 122 ming so‘mni tashkil etadi – birinchi bolasiga 400 ming so‘m, keyingi ikkita bolasi uchun 282,5 ming so‘m (eng kam yoshga doir pensiyaning 50 foizi) hamda 3 nafar bolasi uchun 52,5 ming so‘m (pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi)dan qo‘shimcha to‘lov. Ya’ni, yangi tartibga muvofiq ushbu oilaga 202 ming so‘m qo‘shiladi.

Buning natijasida 175 ming nafar boquvchisini yo‘qotgan shaxsning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinadi va ushbu to‘lovlar uchun joriy yilda qo‘shimcha ravishda 117 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan