Fojia: Qashqadaryoda qiz katta tezlikda ketayotgan mashinadan o‘zini otdi

 

Uzoq qishloqdagi qarindoshining uyiga hasharga borgan Zokir (ism-shariflar o‘zgartirildi) ish yakunida avtomashina boshqarib kelganini unutib, hurmachasi to‘lguncha spirtli ichimlik iste’mol qildi.

Keyin mast holatda uyiga qaytarkan, yo‘lda yo‘­lovchi sifatida qo‘l ko‘targan Munirani avtomashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tqazib oldi. Munira Zokirning mast ekanligini bilgach, Kitob shahri markazi yaqinida tushib qolmoqchi ekanini aytadi. Biroq Zokir avtomashinani to‘xtatmaydi. Mast haydovchining g‘ayritabiiy xatti-harakatlaridan qo‘rquvga tushgan qiz oxir-oqibat avtomashina salonidan o‘zi­ni yerga otishga majbur bo‘­ladi. Qanday hodisa ro‘y berganini bazo‘r idrok etgan Zokir qizga yordam berish o‘rniga voqea joyidan qochib ketadi.

Boshqa yo‘lovchilar notanish qizning qonga belanib yotganini ko‘rib, uni kasalxonaga olib borishadi. Bi­roq og‘ir tan jarohati va ko‘p qon yo‘qotish oqibatida Munira Qodirova vafot etadi.

Tezkor surishtiruv chog‘ida bu fojianing aybdori haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan, ustiga-ustak o‘ta mast holda avtomashina bosh­qargan Zokir Mirzayev ekani ayon bo‘ldi.

Gap shundaki, Z. Mirzayev «Yo‘l ha­rakati qoidalari»ning 77-bandida belgilangan harakatlanishda haydovchi aniqlay olishi imkoniyatida bo‘lgan xavf paydo bo‘lsa, u transport vositasining tezligini to‘liq to‘xtatishni taminlaydigan da­­rajada kamaytirish choralarini ko‘rishi kerakligi haqida­gi talablarga rioya qilmay, avtomashinani yuqori tezlikda boshqarib, marhuma Munira Qodirovaning istagini bajarmasdan, voqeaning fojia bilan yakun topishiga sababchi bo‘lgan.

Bu bilan Z. Mirzayev amaldagi Ji­noyat kodeksining 117-moddasi ikkinchi qismi va 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoiy harakatlarni sodir etgan.

Shu bois sud hayati sudlanuvchi Z. Mirzayevga nisbatan muayyan muddatga ozodlikdan mahrum etgan holda jabrlanuvchilarga yetkazilgan 55 million so‘mlik moddiy va ma’naviy zararni undirish jazosini tayinladi.

Sirtdan qaraganda, adolat qaror topgandek ko‘rinadi. Chunki jinoyatchi qilmishiga yarasha jazosini ol­di. Jabrlanuvchiga yetqazilgan zarar undiriladigan bo‘l­di. Biroq endilikda ikki oi­la ichkilik jabrini tortadi.

Muniraning ota-onasi, yaqinlari, jigarbandlari bo‘z­lab qol­gan bo‘lsa, Zokirning oilasi va farzandlari uzoq yillar ota mehridan mosuvo bo‘ldilar.

Odatda, biror mash’um ho­disa ro‘y berganda odamlar «taqdirda bor ekan, falokatda», deb o‘zini yupatadi. Ammo bayon etilgan noxush voqeaning bosh sababchisi ichkilik ekani o‘ylab ko‘rilsa, o‘tkinchi kayf-safoning qanday oqibatlarga olib kelishi ayon bo‘ladi.

Qisqasi, umr mazmunini to‘g‘rilik va halollik belgilaydi. Ulardan chekingan har qanday kishi afsus-nadomat domida qolishi shub­hasiz.

Laziza Rasulova,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Shahrisabz shahar sudi raisi

Manba: aniq.uz

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: