Germaniyadagi toshqin oqibatida mingdan ziyod odam bedarak ketdi

Germaniyaning Reynland-Pfals va Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal shtatlaridagi toshqinlardan so‘ng ko‘plab odamlar qurbon bo‘lganligi haqida xabar bergandik.

Germaniyaning g‘arbiy qismidagi Arvayler mintaqasida yuz bergan toshqindan keyin taxminan 1,3 ming kishi bedarak yo‘qolgan, 3,5 mingdan ortiq kishi vaqtincha yashash joyida jon saqlamoqda. Bu haqda mahalliy rahbariyatga asoslanib Deutsche Welle ma’lum qilmoqda.

Bu hududda mobil aloqa yaxshi ishlamaganligi sababli rasmiylar bedarak yo‘qolganlar qayerda ekanligi haqida bizga ma’lumot berolmaydi deb hisoblashmoqda.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra G‘arbiy Germaniyada kuchli yomg‘ir va toshqinlar natijasida kamida 58 kishi halok bo‘lgan.

Eyfel hududida mahalliy hukumat Rur daryosidagi to‘g‘ondan toshib chiqa boshlagach, yangi yirik toshqinlar yuzaga kelishidan qo‘rqishmoqda. To‘g‘on atrofidagi qishloqlar allaqachon evakuatsiya qilingan, ammo endi daryo bo‘yidagi shaharlarni ham ogohlikka chaqirish boshlab yuborilgan. Shuningdek, energiya kompaniyasi elektr energiyasini ortiqcha falokatlarning oldini olish masadida o‘chirib qo‘yishini bildirgan.

«Eon» energetika kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi paytda G‘arbiy Germaniyada suv toshqini sababli taxminan 165 ming kishi elektr energiyasidan mahrum bo‘lib qolmoqda.

Sinoptiklarning taxmin qilishicha, yomg‘ir yaqin kunlarda ham davom etadi.

Germaniya kansleri Angela Merkel va AQSh prezidenti Jo Bayden Vashingtondagi Oq uyda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumani paytida qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.

«Men o‘zimning hamdardligimni bildiraman va yaqinlarini yo‘qotgan odamlar uchun men ham qayg‘udaman», — deydi Markel.

Uning hamdardligi nafaqat Germaniya xalqiga, balki kuchli yomg‘ir va toshqinlardan zarar ko‘rgan Belgiya, Lyuksemburg va Niderlandiyaga ham tegishli ekanligi ta’kidlab o‘tilgan.

Kansler fojianing haqiqiy ko‘lami faqat yaqin kunlarda aniq bo‘lishini bildirgan. Shu jumladan, suv toshqini qurbonlariga yordam masalasini Germaniya Federativ Respublikasi moliya vaziri Olaf Sholz bilan muhokama qilganini aytgan.

Manba: xabar.uz

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Imloviy xato to‘g‘risida bildirish

Ushbu matn mutassislarga yuboriladi: